Xalq ta’limi vazirligi ota-onalardan gibrid ta’lim shaklini suiiste’mol qilmaslikni, farzandlari sog’ligida muammo bo’lmasa, ularni maktabga yuborishni so’radi. «Bolaning zoe o’tayotgan har bir kuni uning ertangi kelajagiga salbiy ta’sir qilmay qolmaydi», – dedi vazirlik matbuot kotibi Laylo Rustamova.

Maktabimizda o’qituvchilar o’quvchilardan an’anaviy o’qishga qaytishini so’ramoqda, shu to’g’rimi? Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi 24 noyabrdagi brifingda ushbu savolga javob berdi.

«Bugungi kunda onlayn maktab bahonasida ayrim ota-onalar tomonidan farzandini maktabga yubormaslik, farzandini masofadan dars qilishini ta’minlash o’rniga, ko’chada yurishiga yoki boshqa ishlar bilan band qilish holatlari uchrayotganini guvohi bo’lyapmiz.

Shu jihatlarni inobatga olgan holda, Xalq ta’limi vazirligi ota-onalardan, uyda bolaning maktabga borishiga to’sqinlik qiluvchi jiddiy sabab, ya’ni kasallik holati mavjud bo’lmasa, maktabga yuborishlarini so’rab qoladi.

Zero, bolaning zoe o’tayotgan har bir kuni uning ertangi kelajagiga o’zining salbiy ta’sirini ko’rsatmay qolmaydi, bolaning maktabda ta’lim olish jarayonini hech qanday eng rivojlangan zamonaviy texnologiya ham o’rnini bosolmaydi.

«Onlayn maktab» loyihasi an’anaviy ta’lim to’liq tiklangan holatda ham doimiy ravishda o’z faoliyatini davom ettiradi, ushbu loyiha bolaning darsdan tashqari qo’shimcha sifatli ta’lim olishi uchun imkoniyat yaratadi», – dedi Laylo Rustamova.

от Rasulov

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *